XALQARO HAMKORLIK: QOʻMITA VA YEVROOSIYO IQTISODIY KOMISSIYASI
Joriy yilning 28-29 sentabr kunlari Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining monopoliyaga qarshi tartibga solish bloki vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Tadbirdan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekiston Respublikasi va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi oʻtkazayotgan tadqiqotlar, jumladan, raqamli bozorlar boʻyicha tajriba almashishdan iborat edi.
Yig‘ilishda qo‘mita raisi o‘rinbosari Farrux Karabayev O‘zbekiston Respublikasining raqobat to‘g‘risidagi qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar, O‘zbekiston Respublikasida Raqamli transformatsiya va autsorsing markazi (“FAIR TECH” axborot tizimi) tashkil etish to‘g‘risida ma’lumot berib, taqdimot qildi.
Shuningdek, tomonlar O‘zbekiston Respublikasida dori vositalarining referent narxlari ustidan nazoratni ta’minlash va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida narxlarni tartibga solish bo‘yicha tajriba almashdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar Memorandum doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.