Joriy yilning 9-may kuni, Edinburg shahrida bo‘lib o‘tgan Raqobat bo‘yicha xalqaro tarmoq (ICN)ning 24-konferensiyasining yakuniy kunida, Qo‘mita Raisi ICNning yangi saylangan raisi — Meksikaning Iqtisodiy raqobat bo‘yicha federal komissiyasi rahbari Andrea Marvan bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu uchrashuv Andrea Marvanning ICN Raisi lavozimiga tayinlanganidan keyingi ilk uchrashuv bo‘ldi.
ICN — dunyo bo‘ylab raqobat sohasidagi organlarni birlashtiruvchi, ushbu sohadagi eng nufuzli xalqaro tashkilotlardan biridir. 2013-yildan buyon ICN Raisi lavozimida Germaniyaning Monopoliyaga qarshi idorasi rahbari Andreas Mundt faoliyat yuritib kelgan.
Qo‘mita raisi Andrea Marvanni yangi lavozimi bilan tabriklab, samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, raqobat muhitini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekistonda raqobat muhitini rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar alohida e’tirof etildi. Andrea Marvan bu boradagi sa’y-harakatlarga yuqori baho berib, xususan, raqamli platformalarni tartibga solish sohasida ham, O‘zbekiston tajribasi bilan almashish bo‘yicha maxsus sessiyalar tashkil etishni taklif qildi.