#Xalqaro_seminar
Ayni paytda Toshkent shahridagi Hilton Tashkent City mehmonxonasida Raqobat qo‘mitasi, AQSH Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) hamda Respublika tovar-xom ashyo birjasi hamkorligida tashkil etilgan “Tovar bozorlarini tartibga solish va fyuchers savdosi” mavzusidagi xalqaro seminar bo‘lib o‘tmoqda.
Seminarni Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari U.Davlatov ochib berdi. U o‘z nutqida tovar va moliyaviy bozorlarning samarali faoliyat yuritishini ta’minlash, birja savdolarida shaffoflik va ochiqlikni kuchaytirish, zamonaviy bozor infratuzilmasini rivojlantirish hamda tovar fyucherslari bozorlarini tartibga solish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarni joriy etish bugungi kunda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Tadbirda Raqobat qo‘mitasi rahbariyati, AQSH Savdo vazirligining CLDP dasturi xalqaro maslahatchisi Aleyena Nasir, xalqaro dasturlar bo‘yicha mutaxassis Aleksa Blek, tovar fyucherslari bozori bo‘yicha xalqaro ekspert Kevin Pikkoli hamda soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Seminar doirasida tovar fyucherslari bozorlarining faoliyat yuritish mexanizmlari, birja savdolari, hisob-kitob va kliring tizimlari, AML/KYC talablari, bozor nazorati, risklarni boshqarish hamda regulyatorlarning bu sohadagi o‘rni va vazifalariga oid xalqaro tajribalar muhokama qilinmoqda.








