Moskva shahrida 2025-yilning 22-24-aprel kunlari MDH davlatlarining raqobatga qarshi qonunbuzarliklarni hamkorlikda o‘rganish bo‘yicha xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda
Konferensiyada O‘zbekiston, Rossiya, Ozarbayjon Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Belarus’, Armaniston, Xitoy hamda Hindiston davlatlari, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi va MDH davlatlarining professional uyushmalaridan soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Xususan, konferensiya doirasida 22-aprel kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo davlatlarning Monopoliyaga qarshi qonunchilik talablarini buzilishi holatlarini birgalikda bartaraf etish bo‘yicha Shtabining 44-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Shtab rahbari S.Puzirevskiy olib borilayotgan tadqiqotlar doirasida monopoliyaga qarshi organlar faoliyatida axborot texnologiyalari va sun’iy intellektning joriy etilishi va qo‘llanilishi, uning vositalari, dinamik narxlari va axborot texnologiyalarining MDHga a’zo davlatlarning tovar bozorlaridagi raqobat holatiga ta’sirini tahlil qilish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha namunaviy hujjat ustida MDH Parlamentlararo Assambleyasi bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shu bilan bir qatorda, sun’iy intellekt texnologiyalarining raqobat muhitiga ta’sirini o‘rganish kabi masalalar muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Raqobat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari F. Karabayev onlayn tarzda «Davlat xaridlarida raqobatga qarshi harakatlarni oldini olish samaradorligni oshirishning raqamli yechimlari» mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Shuningdek, Qo‘mita mas’ul xodimlari D.Nasirova va B.Yusupjanovlar bevosita ushbu yig‘ilish tadbirlarida ishtirok etishmoqda.
Tadbir doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Bozorni tartibga solish davlat organi (SAMR) vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi. Memorandum imzolash, xususan, iqtisodiy konsentratsiyani tartibga solish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajriba almashishga kelishib olindi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha Shtab ekspertlari tomonidan “Axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt (AI) vositalarining MDHga a’zo davlatlar bozorlaridagi raqobat holatiga ta’siri” ma’ruzasi ma’qullandi.