2025-yil 7–9-may kunlari Shotlandiyaning Edinburg shahrida Buyuk Britaniyaning Raqobat va bozorlar bo‘yicha boshqarmasi (CMA) tomonidan tashkil etilgan Xalqaro raqobat tarmog‘i (ICN)ning 24-yillik an’anaviy konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
ICN – butun dunyo bo‘ylab monopoliyaga qarshi organlarini raqobat siyosati sohasida tajriba almashish, uyg‘un yondashuvlarni ishlab chiqish va sohaviy hamkorlikni mustahkamlash maqsadida birlashtiruvchi xalqaro forum hisoblanadi. ICNning yillik konferensiyasi ishtirokchilarga ochiq muloqot, g‘oya va ilg‘or tajribalar almashish uchun samarali platforma taqdim etadi. Bu esa iste’molchilar va halol biznes manfaati yo‘lida raqobatni ta’minlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
2025-yilgi konferensiyaning asosiy mavzulari – raqobatning iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishdagi roli, texnologiyalar taqozo etayotgan o‘zgarishlarning raqobat organlariga ta’siri hamda global chaqiriqlar sharoitida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalarini qamrab oladi.
Konferensiyada Raqobat Qo‘mita raisi Halilillo Turaxujayev rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etishmoqda.
Konferensiya doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi qator mamlakatlarning monopoliyaga qarshi organlari rahbarlari bilan uchrashuv va muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bunday muloqotlar mamlakatimizning xalqaro hamkorligini kengaytirish, tajriba almashish va raqobat siyosati sohasida ilg‘or yondashuvlarni joriy etish imkoniyatlarini ochadi.