DORI VOSITALARI NARXLARINI TARTIBGA SOLISH BO‘YICHA TURKIYA TAJRIBASI O‘RGANILDI
Joriy yilning 7–11-sentyabr kunlari Raqobat qo‘mitasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining mas’ul vakillaridan iborat Referent narxlarni qayta ko‘rib chiquvchi Apellyatsiya kengashi a’zolari Turkiya Respublikasida xizmat safarida bo‘lishdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi xizmat safari doirasida Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Dori vositalari va tibbiy jihozlar agentligi — TİTCK, shuningdek World Medicine va Sanofi kompaniyalarining Turkiyadagi ishlab chiqarish obyektlariga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida O‘zbekiston va Turkiya farmatsevtika sohasida narxlarni tartibga solish masalalari muhokama qilinib, tajriba almashildi. Xususan, referent narxlarni shakllantirish mexanizmlari, dori vositalari narxlarini qayta ko‘rib chiqish, narxlarga oid murojaat va apellyatsiyalarni ko‘rib chiqish tartibi, Apellyatsiya kengashi faoliyatini tashkil etish hamda sohaga doir boshqa masalalar muhokama qilindi.
Turkiya tajribasida referent narxlar asosiy va alternativ referent davlatlar ro‘yxati asosida shakllantirilib, kartel kelishuvlarining oldini olish maqsadida bir korxonaga faqat bitta dorixona ochishga ruxsat beriladi hamda dorixona faoliyati bilan faqatgina kichik biznes shug‘ullanadi.
Shuningdek, QQS soha va mahsulot turiga qarab tabaqalashtirilgan bo‘lib, jumladan oziq-ovqat mahsulotlariga 1 foiz, ayrim mahsulotlarga 20 foiz, dori vositalariga esa 10 foiz miqdorida belgilangani dori vositalari narxlariga ta’sir etuvchi omillardan biri hisoblanadi. TİTCK huzuridagi Apellyatsiya kengashi esa har olti oyda yig‘ilib, yiliga o‘rtacha 900 ta shikoyatning 11 foizini, ya’ni 100 tasini qanoatlantirib kelmoqda.
Uchrashuv yakunida referent narxlarni shakllantirish va qayta ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirish, ilg‘or tajribani joriy etish bo‘yicha fikr almashildi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistondagi Referent narxlarni qayta ko‘rib chiquvchi Apellyatsiya kengashi har oyda bir marotaba yig‘ilib keladi.








