#Xalqaro_seminar
Tovar bozorlarini tartibga solish va fyuchers savdosiga bag‘ishlangan xalqaro seminar yakunlandi
Joriy yilning 22–23-iyun kunlari Toshkent shahrida Raqobat qo‘mitasi, AQSH Savdo vazirligining Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) hamda Respublika tovar-xom ashyo birjasi hamkorligida tashkil etilgan “Tovar bozorlarini tartibga solish va fyuchers savdosi” mavzusidagi ikki kunlik xalqaro seminar muvaffaqiyatli yakunlandi.
Seminar davomida tovar fyucherslari bozorlarining faoliyat yuritish mexanizmlari, birja savdolari, hisob-kitob va kliring tizimlari, AML/KYC talablari, bozor monitoringi, risklarni boshqarish hamda bozor yaxlitligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro tajribalar muhokama qilindi.
Shuningdek, regulyatorlarning tovar bozorlarini samarali nazorat qilishdagi o‘rni, iste’molchilar va investorlar manfaatlarini himoya qilish, bozor ishtirokchilari uchun teng va adolatli shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan yondashuvlar ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘rtasida fikr va tajriba almashinuvi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro ekspertlar tomonidan taqdim etilgan ilg‘or amaliyotlar va bilimlar kelgusida mamlakatimizda tovar bozorlarini yanada rivojlantirish, birja savdolari samaradorligini oshirish hamda sohani takomillashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, mazkur seminar tovar bozorlarida shaffoflik va barqarorlikni ta’minlash, fyuchers savdosini tartibga solish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarni milliy amaliyotga joriy etish hamda o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun muhim muloqot maydoni bo‘ldi.








