#Xalqaro_hamkorlik
Raqobat qo‘mitasi rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya joriy yil 11-13-iyun kunlari Ozarbayjon Respublikasining Shusha shahrida Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo va kuzatuvchi davlatlar raqobat organlari rahbarlarining 3-yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tadbirda Turkiya, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Vengriya va Shimoliy Kiprning raqobat organi rahbariyati ishtirok etishdi.
Ushbu yig‘ilish Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan xalqaro platforma bo‘lib, ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro manfaatli masalalarni muhokama qilish, sog‘lom raqobatni rivojlantirish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish uchun xizmat qilishi nazarda tutilgan.
Qo‘mita raisi Halilillo Turaxujayev TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlar raqobat organlari rahbarlarining 3-yig‘ilishi hamda tadbir doirasida panel muhokamalarida nutq so‘zladi hamda so‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonda raqobat muhitini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy transformatsiya va chora-tadbirlar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Tadbirlar yakunida Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) a’zo davlatlar raqobat organlari rahbarlarining 3-yig‘ilishi yakuni bo‘yicha Kommyunike imzolandi va qardosh mamlakatlarimizning raqobat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga hamda raqobat muhitini yanada yaxshilashga xizmat qilishi alohida ta’kidlab o‘tildi.








