Joriy yilning 7-may kuni, Edinburg shahrida o‘tkazilayotgan Xalqaro raqobat masalalari bo‘yicha tarmoq (ICN)ning 24-yillik anjumani doirasida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi Fransiyaning raqobat organi — “Autorité de la concurrence” rahbari bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.
Mazkur uchrashuvda tomonlar raqamli platformalarni tartibga solish sohasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar. Xususan, raqamli sektorda tekshiruv ishlarini o‘tkazish bo‘yicha tajriba almashish, Fransiya organi tomonidan amalga oshirilgan so‘nggi muvaffaqiyatli ishlar va topshiriqlarni bajarish tartiblariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida raqobat sohasida milliy qonunchilikni takomillashtirish hamda qo‘shma tekshiruv ishlarini amalga oshirish maqsadida Fransiya mutaxassislarini O‘zbekistonga yuborish imkoniyatini ko‘zda tutuvchi tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi.