O‘zbekiston delegatsiyasi sun’iy intellekt va raqobat siyosatiga bag‘ishlangan xalqaro seminarda ishtirok etdi
O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 10 nafar vakildan iborat tarkibda Moskvada o‘tkazilayotgan “Sun’iy intellekt va BRIKS raqobat siyosati” mavzusidagi xalqaro seminarda ishtirok etdi.
Mazkur seminar davlat organlari xodimlarining sun’iy intellekt sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan. Raqobat qo‘mitasi davlat organlari orasida birinchilardan bo‘lib o‘z mutaxassislarining sun’iy intellekt yo‘nalishidagi salohiyatini oshirish maqsadida ushbu nufuzli tadbirda qatnashdi.
Tadbir doirasida sun’iy intellektning raqobat siyosatiga ta’siri, raqamli bozorlarning rivojlanishi, algoritmik narx belgilash hamda raqamli iqtisodiyot sharoitida antimonopol tartibga solishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Seminarda Rossiya, Xitoy, Hindiston, Braziliya, Janubiy Afrika, BAA, Misr, Eron, Efiopiya, O‘zbekiston va boshqa davlatlar vakillari ishtirok etdi.
Dastur doirasida 24–26-iyun kunlari delegatsiya uchun malaka oshirishga qaratilgan maxsus treninglar ham tashkil etilgan. Ularda sun’iy intellekt texnologiyalari, ilg‘or xalqaro tajribalar hamda ularni raqobat bozorlarini tahlil qilish va antimonopol tartibga solishda qo‘llash masalalari ko‘rib chiqildi.
Mazkur seminar Raqobat qo‘mitasi mutaxassislariga sun’iy intellektni raqobat siyosati va bozor tahliliga joriy etish bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarni o‘rganish imkonini beradi.








