#Xalqaro_seminar
Moliya sektorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kodeksi sari: tushunchalar, tamoyillar va xalqaro tajriba
2026-yil 29-aprel kuni Raqobat qo‘mitasi Germaniyaning “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” tashkiloti bilan hamkorlikda moliya sektorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlangan xalqaro seminar tashkil etdi. Unda Shveysariya va Germaniyadan tashrif buyurgan nufuzli xalqaro ekspertlar, Markaziy bank va qariyb 30 ga yaqin tijorat banki vakillari ishtirok etdi.
Seminarni Qo‘mita raisi o‘rinbosari F. Karabayev ochib, 2025-yil davomida Qo‘mitaga kelib tushgan 53 mingdan ortiq murojaatlarning qariyb 10 foizi moliyaviy xizmatlar bilan bog‘liq ekani, shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda bank va moliyaviy xizmatlar sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha zamonaviy standartlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish dolzarb vazifalardan biri ekani qayd etildi. Shuningdek, hamkorlikda ishlab chiqilayotgan yangi Kodeks loyihasining asosiy yo‘nalishlari va unga qo‘yiladigan talablar haqida ma’lumot berildi.
Tadbir davomida xalqaro ekspertlar L.Grauberger, professor Rashid S. Kaukab hamda Markaziy bankning Moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati boshlig‘i B.Mirzayev tomonidan moliyaviy qonunchilikni takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan, xalqaro tamoyillarni milliy sharoitga moslashtirish, nazorat va javobgarlik mexanizmlarini kuchaytirish, shuningdek aholining moliyaviy savodxonligini oshirish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Muhokamalar yakunida yangi Kodeksga quyidagi muhim yo‘nalishlarni kiritish bo‘yicha takliflar umumlashtirildi:
➡️moliyaviy mahsulotlar va xizmatlar bo‘yicha tushunarli va shaffof axborot taqdim etish;
➡️mijozlarga nisbatan halol va adolatli munosabatni ta’minlash;
➡️shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini kafolatlash;
➡️samarali murojaat va shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimini joriy etish;
➡️qoidabuzarliklar uchun aniq va ta’sirchan javobgarlik choralarini belgilash;
➡️onlayn kreditlash va fintex xizmatlari uchun alohida tartib va talablarni ishlab chiqish.
Mazkur seminar milliy moliya bozorida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yana-da takomillashtirishga xizmat qiladi.








