Mamlakatimizning barcha hududlarida iqtisodiyot uchun g‘oyat zarur bo‘lgan korxonalar barpo etilmoqda. Bu yangi ish o‘rinlari ochilishi, sanoat tarmoqlari rivojlanishi, pirovardida, xalqimiz farovonligi oshishiga xizmat qilayapti.
Jumladan, Jizzax viloyatida so‘nggi besh yilda qayta ishlash sanoati hajmi 1,6 barobarga ko‘payib, o‘tgan yilning o‘zida 19 trillion so‘mni tashkil qilgan. Eksport hajmi 2,2 barobarga oshib, 202 million dollarga yetgan.
Xorijiy investitsiyalar miqdori ham yil sayin o‘sib bormoqda. 2018-yilda viloyatda bor-yo‘g‘i 18 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu raqam salkam 700 million dollarga yetgan. Chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 260 tani tashkil qilmoqda.
Bunda har bir tumanning o‘z o‘rni bor. Xususan, Zomin tumanida investitsiya dasturlari doirasida so‘nggi besh yilda 1,8 trillion so‘mlik 300 ga yaqin loyiha amalga oshirilgan va uch mingdan ortiq ish o‘rni ochilgan. Qulay biznes muhiti tufayli tumandagi kichik tadbirkorlik subyektlari soni 4 barobar ko‘paygan.
Zominning go‘zal tabiatiga asoslanib turizm sohasi uning “drayveri”ga aylantirilmoqda. Bunday xizmatlarni ko‘paytirish maqsadida yaqinda Zomin turistik zonasi tashkil etildi.
Bular bilan cheklanib qolmasdan, Zominda sanoatni rivojlantirishga kirishilgan. Chunki hudud buning uchun juda qulay. Tuman mamlakatimiz markaziy qismida joylashgan. Bu yerdan temir yo‘l o‘tgan. Yaqinda Zomin aeroporti kengaytirilib, rekonstruksiya qilindi.
Endi tumanda Xitoyning “Mingyuan” kompaniyasi bilan hamkorlikda “Texnopark” maxsus sanoat zonasi barpo etilmoqda. Buning uchun 400 gektar yer maydoni ajratilgan. Uni infratuzilma bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli dastur tasdiqlanib, 160 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Bu boradagi amaliy ishlar avvalroq boshlangan bo‘lib, 30 dan ortiq loyihalar shakllantirilgan. Ularga xitoylik investorlar tomonidan 1,2 milliard dollar investitsiya yo‘naltiriladi.
Mazkur zonada tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar chiqaruvchi korxonalar tashkil etiladi. Xususan, elektrotexnika, mashinasozlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, oziq-ovqat va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishdagi loyihalar amalga oshiriladi.
Natijada 5 mingdan ortiq ish o‘rinlari paydo bo‘ladi, 4,7 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi hamda 70 million dollarlik eksport salohiyati yaratiladi.
Texnopark hududida Xalqaro tajriba almashinuv injenerlik markazi tashkil etilib, sanoat korxonalari uchun shu yerning o‘zida malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, ushbu hududda ofis markazi, turar joylar, ekobog‘, ko‘rgazmalar zali va savdo markazi barpo etiladi.
Marosimda davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, texnoparkdagi ilk investitsiya loyihalari qurilishini boshlab berdi.
Ushbu zamonaviy loyihalarning amalga oshirilishida ishbilarmonlarga muvaffaqiyatlar tiladi.