Raqobat qo‘mitasiga jismoniy va yuridik shaxslardan sifat talablariga javob bermaydigan ichimlik suvlari hamda elektr va gaz ta’minoti bo‘yicha yuzaga kelgan asossiz qarzdorliklar bo‘yicha tushayotgan murojaatlar o‘zining ijobiy yechimini topmoqda.
Murojaatlar hududlar kesimida:
📍 Surxondaryo viloyati
Hududiy boshqarma Termiz shahrida aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvi sifati yuzasidan o‘rganish o‘tkazilganda laboratoriya tahlili “Surxondaryo suv ta’minoti” AJ tomonidan “Turon” MFYdagi 18-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga berilayotgan ichimlik suvi iste’molga yaroqsizligi aniqlandi.
Shuningdek, 2026-yilning 6-20-yanvar kunlari davomida “Turon” MFYda yashovchi 950 dan ortiq oilalarga ham jami 4 850 kub metr, qiymati 31,2 mln so‘mlik sifat talablariga javob bermaydigan ichimlik suvi yetkazib berilgan.
Mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 12-moddasi talablari buzilgani yuzasidan “Surxondaryo suv ta’minoti” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygan mas’ul mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, huquqbuzarlik to‘g‘risidagi hujjatlar sudga yuborildi.
📍 Jizzax viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan “Jizzax suv ta’minot” AJning Sh.Rashidov tuman filiali tomonidan aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suv sifati, standartlar va o‘rnatilgan talablari yuzasidan tegishli tartibda o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
O‘rganish jarayonida mazkur filial tomonidan 2026-yilning fevral va mart oylarida Sh.Rashidov tumanining “Havaslik”, “Jizzaxlik”, “Ziyokor” va “Sovungarlik” MFYlarida istiqomat qiluvchi iste’molchilarga jami ikki oy davomida 63009 m3 iste’molga yaroqsiz ichimlik suvi berilganligi aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan hududiy boshqarma maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 194-sonli qarori hamda “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuni talablari buzilganlik holatlari bo‘yicha “Jizzax suv ta’minoti” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, o‘rganishda aniqlangan 282 mln 280 ming so‘mdan ortiq miqdoridagi mablag‘larni 3539 ta iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilish va kelgusida bu kabi qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilishi yuzasidan ko‘rsatma berildi.
📍 Buxoro viloyati
Hududiy boshqarmaga viloyat OITSga qarshi kurashish markazi tomonidan kelib tushgan murojaatda “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunasi Texnopark MCHJ tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgani, hisoblagich tashqi ta’sir natijasida nosoz holatga kelgani vaj qilinib, tabiiy gaz sarfi qo‘shimcha ravishda hisoblanayotganidan norozi ekanligi bayon etilgan.
Murojaatda keltirilgan holatlar “O‘zenergoinspeksiya”ning Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida o‘rganib chiqildi. Natijada mazkur gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyat OITSga qarshi kurashish markaziga qo‘yilgan 153,3 million so‘mlik to‘lov asossiz ekanligi aniqlandi va qayta hisob-kitob qilib berilishi ta’minlandi.
📍 Samarqand viloyati
Hududiy boshqarmaga “Kattaqo‘rg‘on shifer” MCHJ tomonidan kelib tushgan murojaatda “HUDUDIY ELEKTR TARMOQLARI” AJ tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi uchun asossiz qarzdorlik hisoblangani yuzasidan murojaat bergan.
“Kattaqo‘rg‘on shifer” MCHJning murojaati asosida qayta hisob-kitob qilinib, 1 mlrd 110 mln so‘m asossiz qarzdorlik ekanligi aniqlandi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga huquqiy tushuntirishlar berildi va kelgusida yuqoridagi holatlarni takrorlamaslik yuzasidan ogohlantirildi.








