O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Toshkent investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida vazir Mikoyil Jabborov davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, shuningdek, ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘tgan yilda o‘zaro tovar ayirboshlash 27 foizga, joriy yil boshidan esa yana 15 foizga oshdi.
Avtomobilsozlik, energetika, qishloq xo‘jaligi, elektrotexnika, to‘qimachilik, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Loyihalar portfelini, shu jumladan Qo‘shma investitsiya kompaniyasi mablag‘larini jalb qilgan holda yanada kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarning iqtisodiy kun tartibini puxta tayyorlash maqsadida yaqin fursatda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi hamda ikki mamlakat hududlarining ikkinchi forumi o‘tkaziladi.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. O‘zbekiston, Ozarbayjon va Qozog‘iston energetika vazirlarining bugun bo‘lib o‘tgan uch tomonlama uchrashuvining asosiy yakunlari yuqori baholandi.