O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin 26–27-may kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Tashrif dasturida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Bo‘lajak uchrashuv kun tartibidan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari o‘rin olgan.
Amaliy hamkorlikni kengaytirishga, eng avvalo, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, innovatsion hamkorlik dasturlarini qo‘llab-quvvatlash, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Sammit yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.
Davlat rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etadilar.
Tashrif arafasida Toshkent shahrida bir qator qo‘shma tadbirlar – yetakchi muhandislik-texnika oliy o‘quv yurtlari rektorlarining uchrashuvi, tibbiyot ilmiy-amaliy konferensiyasi va Rus san’ati haftaligi bo‘lib o‘tayotganini ta’kidlash joiz.