Kimyo sanoatida ichki bozor imkoniyatlari tahlil qilindi
Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi tomonidan kimyo sanoatida ichki bozorning mahalliy mahsulotlar bilan to‘yinganlik darajasi tahlil qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, 2024-yilda kimyo sanoatida 1 883 ta mahalliy korxona tomonidan 385 turdagi mahsulot ishlab chiqarilgan. Shu bilan birga, ichki bozorda yuqori qo‘shimcha qiymatli ayrim kimyoviy mahsulotlar bo‘yicha importga bog‘liqlik saqlanib qolmoqda.
2024-yilda 92 ta mamlakatdan 3,5 mlrd dollarlik kimyo sanoati mahsulotlari import qilingan. Importning asosiy qismi farmatsevtika, kosmetika, organik kimyoviy birikmalar, pigmentlar va boshqa sanoat xomashyolari hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘rganishlar 100 dan ortiq kimyo sanoati tovarlari bo‘yicha ichki bozor mahalliy mahsulotlar bilan yetarli darajada to‘yinmaganini ko‘rsatdi.
Tahlillarga ko‘ra, mazkur yo‘nalishlarda mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi loyihalarni ko‘paytirish va yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish uchun katta imkoniyatlar mavjud.
Shu bilan birgalikda, qo‘shimcha mahsulotlar bo‘yicha tahlil o‘tkazish va ular to‘g‘risida ma’lumotlarni olishni istasangiz Raqobat qo‘mitasiga murojaat qilishingiz mumkinligini ma’lum qilamiz.








