Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent va Samarqand viloyatlarida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tadbirkorlarning murojaatlari, muammolari va takliflarini tizimli o‘rganish maqsadida Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublikaning barcha hududlari kesimida tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilmoqda.
📍QASHQADARYO VILOYATI
Uchrashuvda davlat xaridlari va birja savdolarida raqobatni cheklash holatlari, tashqi reklama faoliyatini tartibga solish hamda nohalol raqobatga qarshi kurashish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, “Elegant Nur Ziyo Plyus” xususiy firmasi vakili tomonidan “Elegant” o‘quv markazi binosiga tashqi reklama vositalarini o‘rnatish tartibi bo‘yicha murojaat bildirilib, ushbu masala qonunchilik talablari asosida o‘rganilishi belgilandi.
📍NAVOIY VILOYATI
Ochiq muloqot davomida tadbirkorlik subyektlari bilan bevosita muloqot qilinib, biznes yuritish jarayonida uchrayotgan to‘siqlar, monopol holatlar va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi. Tadbirkorlar hamda fuqarolarning murojaat va takliflari qabul qilinib, tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun nazoratga olindi.
📍 NAMANGAN VILOYATI
Uchrashuv davomida tashqi reklama vositalarini joylashtirish uchun auksion orqali ajratilgan yer maydonlari bo‘yicha ijara to‘lovlariga nisbatan ortiqcha talablar qo‘yilayotgani yuzasidan murojaatlar ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, chiqindi olib ketish xizmati sohasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va tanlovlarda ishtirok etish tartibi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.
📍 TOSHKENT VILOYATI
Tadbirkorlar bilan muloqot davomida kommunal xizmatlar va elektr ta’minoti sohasidagi muammolar yuzasidan murojaatlar qabul qilindi. Jumladan, shirkat balansidagi suv nasoslarini “Suv ta’minoti” AJga o‘tkazish, tashqi reklama vositalarini rasmiylashtirish hamda elektr ta’minotida kuzatilayotgan uzilishlar bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
📍 SAMARQAND VILOYATI
Ishtixon tumanida o‘tkazilgan ochiq muloqotda tadbirkorlik subyektlari bilan biznes yuritishdagi to‘siqlar va sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash masalalari muhokama qilindi. Jumladan, “Marjona bazimgohi” OK tomonidan quyosh panellari orqali ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni qaytarish masalasi hamda “Novantus” MCHJ tomonidan sotilayotgan dori vositalarining referent narxlari yuzasidan murojaatlar qabul qilindi.
Bunday ochiq muloqotlar davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va samarali hamkorlik muhitini yanada mustahkamlash, joylarda mavjud bo‘lgan muammo va to‘siqlarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni tizimli va samarali hal etish imkonini yaratish, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati uchun yanada qulay shart-sharoitlarni shakllantirish hamda sog‘lom raqobat muhitini barqaror rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.








