RAQOBAT QO‘MITASI TIBBIY XIZMATLARNI REKLAMA QILAYOTGAN TADBIRKORLIK SUBYEKTLARINI REKLAMA QONUNCHILIGI TALABLARIGA AMAL QILISHGA CHAQIRADI
So‘nggi vaqtlarda tibbiy xizmatlar reklamasida «kasallikdan bir umrga xalos qilamiz», «mutlaqo xavfsiz», «3 kunda davolaymiz», «hech qanday nojo‘ya ta’siri yo‘q», «bizga kelgan bemorlarning barchasi sog‘aydi» kabi tibbiy natija, xavfsizlik yoki samaradorlikni oshirib ko‘rsatuvchi iboralardan foydalanish holatlari kuzatilmoqda.
Bunda, tibbiy xizmatlar reklamasida natijani kafolatlovchi, mutlaq xavfsizlikni va’da qiluvchi, qarshi ko‘rsatmalarni inkor qiluvchi, bemorni natija bilan qoniqtirishni va’da qiluvchi, organizmning individual xususiyatlarini inkor qiluvchi ma’lumotlardan foydalanish amaldagi qonunchilikni buzilishiga olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyada ko‘rsatib o‘tilmagan xizmatlarni reklama qilish taqiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasining «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, nomaqbul (noaniqligi, bir xil ma’noli bo‘lmaganligi, bo‘rttirib yuborilishi, yashirib ketilishi, tarqatilish vaqti, joyi va usuliga nisbatan talablarning hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarning buzilishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan) reklama taqiqlangan.
Eslatib o‘tamiz: «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 47 moddasiga asosan, nomaqbul reklama berganlik, aksilreklamani berishni rad etganlik bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 7 moddasiga ko‘ra, noto‘g‘ri reklama (axborot) oqibatida sotib olingan tovar (ish, xizmat) tufayli iste’molchiga yetkazilgan zarar ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) tomonidan to‘liq hajmda qoplanishi lozimligi belgilangan.
Raqobat qo‘mitasi tibbiy xizmatlarni reklama qilayotgan tadbirkorlik subyektlarini reklamalarini amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirishga, iste’molchilarga noto‘g‘ri va chalg‘ituvchi ma’lumotlar berishdan tiyilishga chaqiradi.
Qo‘mita tomonidan tibbiy xizmatlar reklamasi sohasida monitoring ishlarini tizimli olib borilishini ma’lum qilamiz.








