Aytish kerakki, bu boradagi huquqiy munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida 2018-yil 4-may kuni 3005-son bilan ro‘yxatga olingan “Energiya resurslarini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish doirasida elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olishning zamonaviy asboblarini o‘rnatish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”da mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, uning:
13-bandida iste’molchilardagi mavjud hisobga olish priborlarini, shu jumladan, induksion, gaz temperaturasi va bosimi bo‘yicha korreksiyasiz ishlaydigan hisobga olish priborlarini yechib olish (demontaj qilish) hamda energiya resurslarini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (ENHAT) joriy etish doirasida o‘rnatilayotgan energiya resurslarini hisobga olish priborlarini o‘rnatish ta’minotchining vakolatli xodimi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi vakili va iste’molchi ishtirokida amalga oshirilishi;
15-bandida ta’minotchining vakolatli xodimi iste’molchidagi energiya resurslarini hisobga oluvchi mavjud hisobga olish priborlari yechib olishda Byuro vakili va iste’molchi ishtirokida hisobga olish priborini va undagi plombalarning butunligini tekshirishi hamda bu haqda uch nusxada dalolatnoma tuzilishi va dalolatnomaning barcha nusxasi ta’minotchining vakolatli xodimi, Byuro vakili hamda iste’molchi tomonidan imzolanishi;
16-bandida dalolatnomada hisobga olish priborining turi, uning zavod raqami, ishlab chiqaruvchining tovar belgisi, yechish paytidagi ko‘rsatkichi va boshqa zarur ma’lumotlar ko‘rsatilishi, dalolatnomaning bir nusxasi iste’molchiga taqdim etilishi, qolgan nusxalari ta’minotchi hamda Byuroda qolishi;
18-bandida ta’minotchining vakolatli xodimi tomonidan maishiy iste’molchilarga energiya resurslarini hisobga olish priborining davlat qiyoslovidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi sertifikat taqdim etilishi;
19-bandida energiya resurslarini hisobga olish priborlari o‘rnatilgan va ulangandan so‘ng ta’minotchining vakolatli xodimi, Byuro vakili hamda iste’molchi ishtirokida energiya resurslarini hisobga olish pribori o‘rnatilganligi to‘g‘risida uch nusxada dalolatnoma tuzilishi, dalolatnomada hisobga olish priborining turi, zavod raqami, ishlab chiqaruvchining tovar belgisi, o‘rnatilgan paytdagi ko‘rsatkichlari, davlat qiyoslovidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi sertifikat va plombalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilishi hamda dalolatnoma ta’minotchining vakolatli xodimi, Byuro vakili va iste’molchi tomonidan imzolanishi, bir nusxasi iste’molchiga taqdim etilishi, qolgan nusxalari ta’minotchi hamda Byuroda qolishi va boshqalar talablar belgilangan.
Siz shularga rioya etish yoki ta’minotchining vakolatli xodimidan yuqorida ko‘rsatilgan tartibda ishlashni talab qilish orqali ham o‘z huquqingizni buzishlariga yo‘l qo‘ymagan, ham qonuniy majburiyatlaringizni bajargan bo‘lasiz.