DUSHANBEDA SHHTga A’ZO DAVLATLARNING MONOPOLIYAGA QARSHI KURASHISH ORGANLARI RAHBARLARINING YIG‘ILISHI BO‘LIB O‘TDI
2026-yil 17-sentyabr kuni Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning monopoliyaga qarshi kurashish organlari rahbarlarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston tomonidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek Davlatov ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, jahon iqtisodiyotidagi jadal o‘zgarishlar va raqamli iqtisodiyotning rivojlanishi sharoitida raqobatni himoya qilish sohasidagi xalqaro hamkorlik tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, SHHTga a’zo davlatlar uchun tajriba, ilg‘or amaliyot va raqobat siyosatini amalga oshirish bo‘yicha axborot almashish bozordagi yangi muammolarga javob beruvchi samarali mexanizmlarni ishlab chiqishga xizmat qilishi mumkinligi qayd etildi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizdagi raqobatni rivojlantirish sohasidagi islohotlar natijalari bilan tanishtirdi. Xususan, davlat ishtirokidagi korxonalarning YAIMdagi ulushi 55 foizdan 30 foizgacha qisqargani, raqobatga zid 2,3 mingta harakat bartaraf etilib, 912 milliard so‘mga yaqin mablag‘ qaytarilgani, birja savdolarida 344 ta manipulyatsiya holati aniqlanib, 105 milliard so‘m qaytarilgani hamda «Fair Tech» raqamli nazorat tizimi joriy etilgani ma’lum qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar navbatdagi yig‘ilishning sanasi va o‘tkazilish joyi, shuningdek boshqa tashkiliy masalalar yuzasidan kelishib oldilar.








