Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Centrum Air” kompaniyasining Istanbul — Toshkent reysi kechikishi yuzasidan holat nazoratga olinib, o‘rganish ishlari olib borilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda “Centrum Air” aviakompaniyasining Istanbul — Toshkent yo‘nalishidagi C6302 reysi 3 soatdan ortiq vaqtga kechikkani va bu holat yo‘lovchilarning e’tirozlariga sabab bo‘lgani» yuzasidan xabarlar tarqaldi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan mazkur holat, jumladan, reys kechikishi vaqtida yo‘lovchilarga zarur axborot va tegishli xizmatlar ko‘rsatilgani, shuningdek iste’molchilar huquqlari ta’minlanganligi bo‘yicha tushgan murojaat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
O‘rganish natijalarida qonun buzilish holatlari aniqlangan taqdirda, Qo‘mita tomonidan o‘z vakolatlari doirasida tegishli ta’sir choralari qo‘llaniladi.
Fuqarolar aviatashuv xizmatlaridagi iste’molchilarning huquqlariga yetarli darajada rioya etilmaslik holatlari yuzasidan Raqobat qo‘mitasining 1159 yagona ishonch raqamiga murojaat qoldirishlari mumkinligini ma’lum qilamiz.
Ushbu o‘rganish yakunlari yuzasidan, qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.
Ma’lumot o‘rnida: Raqobat qo‘mitasiga bugungi kungacha «Centrum Air» va boshqa aviakompaniyalar xizmatlaridan noroziligi bo‘yicha 270 dan ortiq murojaat kelib tushgan bo‘lib, amaldagi qoidalarga parvozlarni amalga oshirayotgan aviakompaniya aybi bilan belgilangan jadvaldan kechiktirib uchishi va/yoki belgilangan manzilga kechiktirib eltib qo‘yganligi uchun, yo‘lovchiga pullik kompensatsiya miqdorini belgilash va to‘lash tartibini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish choralarini ko‘rish yuzasidan Transport vazirligiga bir nechta ko‘rsatmalar berilgan bo‘lib, bugungi kunda iste’molchilar huquqlarini himoyasini ta’minlash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish ishlari davom ettirilmoqda.








