Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, «O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJ hamda «Phillip Capital» xalqaro investitsiya kompaniyasi bilan uchrashuv
2026-yil-17-sentyabr-kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi vakillari, «O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi» AJ rahbariyati hamda «Phillip Capital» xalqaro investitsiya kompaniyasi Boshqaruv raisi Lim Xua Min o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida davlatimiz rahbarining xalqaro tovar derivativlari bozorlariga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, mahalliy xo‘jalik yurituvchi subyektlarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash va bozor xatarlarini kamaytirishga qaratilgan topshiriqlari ijrosini samarali ta’minlash muhim amaliy ahamiyatga ega ekanligi alohida ta’kidlandi.
Bunda, Raqobat qo‘mitasining tovar-xom ashyo birjalari faoliyati va tovar derivativlari bozorini tartibga soluvchi organ (regulyator) sifatidagi vakolatlaridan kelib chiqib, birja hamda «Phillip Capital» o‘rtasidagi strategik hamkorlikning joriy holati va istiqbollari, shuningdek, «UZEX GLOBAL» qo‘shma korxonasi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari hamda kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda jahon tovar bozorlarida narxlar o‘zgaruvchanligi kuchayib borayotgan sharoitda narx xatarlarini samarali boshqarish imkonini beruvchi zamonaviy moliyaviy mexanizmlarga ehtiyoj ortib borayotgani, shuningdek, xalqaro hamjamiyatning mazkur masalaga nisbatan yondashuvlari muhokama qilindi.








