O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga gaz, elektr energiyasi va boshqa kommunal sohalar tizimidagi muammolar yuzasidan ham ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Bunday murojaatlardan biri Raqobat qo‘mitasining Toshkent viloyati hududiy boshqarmasiga Bekobod shahrida faoliyat yuritayotgan “METALLURG” shahar shifoxonasi UKdan kelib tushgan. Unda, mazkur unitar korxonaga foydalanilgan gaz uchun 265 mln 831 ming so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlik belgilanganligi, bu holat o‘z-o‘zini moliyalashtirish asosida faoliyat olib borayotgan mazkur shifoxonaga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganligi bildirilgan. Korxona tomonidan iste’mol qilingan gaz uchun o‘z hisob-kitobi qayta ko‘rib chiqilganida qarzdorlik 34 mln so‘mni tashkil etdi.
Ushbu murojaat yuzasidan hududiy boshqarma tomonidan o‘rganishlar olib borilganida, “BEKOBODSHAHARGAZ” ta’minoti bo‘limi bilan “METALLURG” shahar shifoxonasi UK o‘rtasida tabiiy gazni ulgurji iste’molchilarga yetkazib berish va qabul qilish bo‘yicha shartnoma imzolangani hamda unga ko‘ra unitar korxona foydalangan har 1 kub metr gaz uchun 660,0 so‘mdan to‘lovlarni amalga oshirib kelgani ma’lum bo‘ldi. Ammo “HUDUDGAZ TOSHKENT” gaz ta’minoti filialining hisob fakturasida 660 so‘m o‘rniga 1300 so‘mdan noto‘g‘ri qarzdorlik hisoblanganligi natijasida ushbu shifoxonaga 265 mln 831 ming so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlik kelib chiqqani aniqlandi.
O‘rganishlar davomida O‘zbekiston Respublikasining “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi Qonuni talablari “HUDUDGAZTA’MINOT” AJ tomonidan buzilgani aniqlandi va Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va ularni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan mazkur ta’minotchi korxonaga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, Hududiy boshqarmaning maxsus komissiyasi tomonidan “HUDUDGAZTA’MINOT” AJga “METALLURG” shahar shifoxonasi UKga nisbatan ortiqcha asossiz hisoblangan 265 mln 831 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida Qo‘mitaning ko‘rsatmasi ijrosi ta’minlanib, “METALLURG” shahar shifoxonasiga nisbatan hisoblangan asossiz qarzdorlik olib tashlandi va tibbiyot muassasasi huquqlari himoya qilindi.