Raqobat qo‘mitasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini aniqlash maqsadida nazorat xaridlari muntazam o‘tkazilmoqda.
Mazkur tadbirlar doirasida mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari va normativ-texnik hujjatlar talablariga muvofiqligi baholanmoqda.
2021–2025-yillar hamda 2026-yilning birinchi yarim yilligi davomida respublika bo‘yicha qariyb 2 600 nomdagi xalq iste’moli mahsulotlari nazorat xaridi orqali ekspertizadan o‘tkazildi.
O‘rganishlar natijasida 482 nomdagi mahsulot belgilangan talablarga javob bermasligi aniqlanib, ular yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rildi.
Yillar kesimidagi natijalar:
2021-yil — 182 ta mahsulot tekshirildi, 43 tasida nomuvofiqlik aniqlandi;
2022-yil — 242 ta mahsulotdan 55 tasi talablarga javob bermadi;
2023-yil — 397 ta mahsulot tekshirilib, 26 tasida kamchilik qayd etildi;
2024-yil — 560 ta mahsulotdan 110 tasi nomuvofiq deb topildi;
2025-yil — 822 ta mahsulot tekshirilib, 201 tasi sifat talablariga mos kelmadi;
2026-yilning birinchi yarim yilligi — 394 ta mahsulot nazorat xarididan o‘tkazilib, 47 tasida qonunchilik talablari buzilgani aniqlandi.
Tahlillarga ko‘ra, nazorat xaridlarining asosiy qismi quyidagi mahsulotlarga to‘g‘ri keldi:
— qadoqlangan oziq-ovqat mahsulotlari — 15,6%;
— dori vositalari — 10,4%;
— konservalangan mahsulotlar — 9,6%;
— yoqilg‘i-moylash materiallari — 9%;
— sut va sut mahsulotlari — 7,9%;
— osh tuzi — 7,1%;
— un va un mahsulotlari — 5,7%;
— alkogolli, alkogolsiz hamda energetik ichimliklar — 5,5%;
— ko‘mir mahsulotlari — 3,5%;
— metall prokat mahsulotlari — 1%;
— boshqa turdagi xalq iste’moli tovarlari — 16,8%.
Xususan, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yilning o‘tgan olti oyida 43 turdagi qariyb 400 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazildi. Natijada 47 nomdagi mahsulot normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.
Mazkur mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish hamda qonunchilikka muvofiq chora ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi va Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasiga yuborildi.
Raqobat qo‘mitasi kelgusida ham iste’molchilarning salomatligi va huquqlarini himoya qilish maqsadida nazorat xaridlarini davom ettiradi hamda sifatsizligi aniqlangan mahsulotlar bo‘yicha jamoatchilikni xabardor qilish va vakolatli idoralar bilan hamkorlikda tegishli ta’sir choralarini ko‘rish ishlarini izchil amalga oshiradi.







