Raqobat qo‘mitasi tomonidan Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroning murojaati asosida “ANOR BANK” AJ tomonidan Instagram ijtimoiy tarmog‘ida joylashtirilgan reklama axboroti o‘rganildi.
Xususan, mazkur murojaatda bank tomonidan aksiya doirasida e’lon qilingan axborotlarda aksiya shartlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar berilmaganligiga e’tiroz bildirildi.
O‘rganishlarda reklamada moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatishda shartnomaning muhim shartlaridan biri — aksiyaning amal qilish shartlari, unga qo‘llanilgan limit hamda limitdan oshgan hollarda komissiya to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud emasligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar yuzasidan Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16, 21 va 43-moddalari talablari buzilishi alomatlari yuzasidan “ANOR BANK” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llanildi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.







