AQSH Savdo vazirligining Commercial Law Development Program (CLDP) dasturi o‘zining rasmiy sahifasida O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan amalga oshirilayotgan strategik hamkorlikni e’tirof etib, ushbu yo‘nalishdagi qo‘shma tadbirlar haqida ma’lumot e’lon qildi.
Xususan, CLDP O‘zbekistonda fyuchers shartnomalari savdosini yo‘lga qo‘yish uchun zarur normativ-huquqiy bazani shakllantirish doirasida Raqobat qo‘mitasi uchun tovar bozorlari va fyuchers savdosini tartibga solish hamda tartibga soluvchi organning tovar resurslari bozorini nazorat qilishdagi o‘rniga bag‘ishlangan seminar tashkil etilganini qayd etdi.
Shuningdek, dastur doirasida O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi rahbariyati, mutaxassislari, treyder va brokerlari bilan fyuchers bozori hamda hosilaviy moliyaviy instrumentlar bozorini rivojlantirishning amaliy jihatlariga bag‘ishlangan uchrashuvlar o‘tkazilgani ta’kidlandi.
CLDP mazkur dasturlar O‘zbekistonda zamonaviy va samarali tartibga solinadigan tovar bozorini shakllantirish, bozor ishtirokchilarining xalqaro tovar birjalari bilan integratsiyasini kengaytirish hamda kelgusida xalqaro savdo aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Mazkur e’tirof Raqobat qo‘mitasi tomonidan tovar bozorlari va zamonaviy birja mexanizmlarini rivojlantirish, shuningdek, xalqaro standartlarga mos huquqiy bazani takomillashtirish borasida olib borilayotgan islohotlarning xalqaro hamkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.








