Qo‘mitaning sudlarda respublikamizning turli hududlarida raqobatni ta’minlash, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,
Navoiy viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan “ISSIQLIK MANBAI” DUKning murojaati asosida o‘rganish o‘tkazilib, “HUDUDGAZ NAVOIY” gaz ta’minot filiali tomonidan “ISSIQLIK MANBAI” DUKning Uchquduq filiali suv isitish va issiqlik markazi qozonxonalarida 2024-yil yanvar-mart oylarida tabiiy gaz mahsuloti hisoblash vositalarida ko‘rsatilgan hajmlardan tashqari jami ortiqcha 2,4 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ olganligi aniqlandi. Raqobat qo‘mitasi tomonidan mazkur mablag‘ni “ISSIQLIK MANBAI” DUKga qaytarish va moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror chiqarildi. Filial bu qarordan norozi bo‘lib, sudga da’vo arizasini kiritdi, biroq sud tomonidan filialning arizasi rad etildi va Raqobat qo‘mitasining qarorlari qonuniy deb topildi.
Sirdaryo viloyati misolida
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida “HUDUDGAZ SIRDARYO” gaz ta’minoti filiali tomonidan suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha xizmat ko‘rsatilishi sohasida “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi hamda “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar talablari buzilganligi aniqlandi. Hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan filialga 63 mln so‘mdan ortiq mablag‘ni iste’molchilarga qaytarish to‘g‘risida tegishli ko‘rsatma berildi. Filial bu ko‘rsatmadan norozi bo‘lib, sudga da’vo arizasini kiritdi. Sud jarayonida filialning da’volari asossiz deb topilib, sud tomonidan hududiy boshqarmaning foydasiga hal qiluv qarori e’lon qilindi.
Jizzax viloyati misolida
“HUDUDGAZ JIZZAX” gaz ta’minoti filiali tomonidan fuqaroga 3 mln so‘mdan ortiq asossiz gaz iste’moli hisoblanganligi aniqlandi. Qonunbuzarlik aniqlanganidan so‘ng, Raqobat qo‘mitasi tomonidan filialga ogohlantirish xati yuborilgan, biroq bu holat gaz ta’minoti filiali tomonidan vaqtida bartaraf etilmagan va oqibatida hududiy boshqarma tomonidan Jizzax tumanlararo sudiga “HUDUDGAZ JIZZAX” gaz ta’minoti filialiga iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilish majburiyatini yuklash to‘g‘risida da’vo ariza kiritilgan. Sud tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, “HUDUDGAZ JIZZAX” gaz ta’minoti filiali iste’molchining manfaatiga mos ravishda qayta hisob-kitob qilishi shartligi belgilandi.
Ushbu holatlardan ko‘rinib turibdiki, gaz ta’minoti filiallari tomonidan sodir etilgan qonunbuzarliklar sud tomonidan ko‘rib chiqilgan va Raqobat qo‘mitasining qarorlari to‘g‘ri deb topilgan.
Kanalga ulanish https://t.me/RaqobatGovUz