Hayot turli tasodiflarga to‘la, gohida ko‘cha-ko‘ylarda avtomobillarning to‘qnashib ketishi kabi baxtsiz hodisalarga ham guvoh bo‘lamiz. Shundan so‘ng avtomashinalarni ta’mirlash uchun pul sarflash, vaqt ketkazish kabi tashvishlar boshlanadi. Avtomobillarni qayta ta’mirlashda sug‘urta to‘lovlari moddiy jihatdan birmuncha ta’minlaydi. Albatta, buning uchun fuqaro avvalo sug‘urtalangan bo‘lishi lozim. Ammo shunga qaramay, ba’zida yo‘l-transport hodisasiga uchraganlarning sug‘urta pullari kechikadi, yoki butunlay ololmay qoladigan holatlar ham uchrab turadi.
Joriy yilda shaxsiy avtomobillari bilan avariyaga uchragan fuqarolarga “SHARQ SUG‘URTA” AJ tomonidan hatto yarim yildan ortiq vaqt o‘tishiga qaramay sug‘urta pullari to‘lanmadi. Mazkur fuqarolar barcha hujjatlar ya’ni tasdiqlangan sug‘urta hodisasi e’tirof etilganligi haqidagi dalolatnoma, sug‘urta pulini to‘lab berish bo‘yicha chiqarilgan qaror va boshqa tegishli hujjatlarni xizmat ko‘rsatuvchi “SHARQ SUG‘URTA” AJga taqdim etishgan. Ammo AJ “vaqtincha imkoniyat yo‘q, qachon to‘lab berilishi ham aniq emas!” degan javobdan nariga o‘tmagan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga sug‘urta pulini ololmay huquqlari buzilayotgan iste’molchilardan tushgan murojaatlar o‘rganib chiqildi. O‘rganishlar uchun taqdim etilgan ma’lumotlar orqali 2022-yilning dekabr va 2023-yilning may-iyul oylarida transport vositasidan foydalanishda avtomashinasiga yetkazilgan zarar uchun fuqarolarga sug‘urta pulini to‘lash amalga oshirilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Qo‘mitaga “SHARQ SUG‘URTA” AJ tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarda mazkur xizmat ko‘rsatuvchi jamiyatning hisob-raqamiga inkasso topshiriqnomasi qo‘yilgani muammoga sabab bo‘layotgani ham keltirilgan.
Aslida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil
24-iyundagi 141-son qarori 4-ilovasi bilan tasdiqlangan “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish” Qoidalari 66-bandiga asosan, sug‘urta tovonini to‘lash sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan e’tiboran besh ish kuni mobaynida amalga oshirilishi lozim.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasi birinchi qismiga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi belgilangan.
Qo‘mitaning Raqobat, tabiiy monopoliyalar, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilishi yuzasidan ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha Maxsus komissiyasi tomonidan fuqarolarning sug‘urta tovoni to‘lab berilmayotganligi haqidagi murojaatlarini atroflicha ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasi birinchi qismi talablari buzilishi alomatlari mavjudligi sababli mazkur AJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Nihoyat “SHARQ SUG‘URTA” AJ huquqbuzarlik holatlarini ixtiyoriy bartaraf etdi va Qo‘mitaga murojaat qilgan 6 nafar iste’molchining transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urtasi bo‘yicha sug‘urta hodisasi tan olinib, ularga jami 52 463 999,0 so‘m miqdoridagi sug‘urta tovoni to‘liqligicha to‘lab berilishiga erishildi.