Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Botir Zokirov nomidagi Milliy estrada instituti faoliyati bilan tanishdi.
Bu ta’lim maskani davlatimiz rahbarining 2020-yil 2-dekabrdagi qarori asosida, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligi doirasida tashkil etilgan edi. Madaniy va ilmiy merosdan foydalanib, milliy estrada san’atini rivojlantirish, mohir ijrochilar va pedagoglar tayyorlash, zamonaviy kuy-qo‘shiqlar yaratish institutning asosiy vazifalaridir.
O‘tgan yili institut uchun 500 o‘rinli yangi bino qurib, foydalanishga topshirildi. Bu yerda o‘qish va ijod uchun barcha sharoit yaratilgan. Auditoriyalar zarur musiqa anjomlari va texnikalar bilan jihozlangan.
Institutda estrada vokal san’ati, cholg‘u ijrochiligi, texnogen san’at, bastakorlik san’ati, san’atshunoslik, dirijorlik kabi yo‘nalishlarda mutaxassislar tayyorlanmoqda. Bugungi kunda 479 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularga professor-o‘qituvchilar, xalq artistlari dars beradi.
Prezidentimiz dars jarayonlarini kuzatdi, o‘qituvchi va talabalar bilan muloqot qildi.
– Avvalo, mana shunday dargoh bilan sizlarni, butun san’atsevar yoshlarimizni tabriklayman. Biz bu ishlarni nima uchun qilyapmiz? San’atimizning buyuk merosini, yoshlarimizning nimalarga qodirligini dunyoga tarannum etish uchun. Institutga milliy san’atimizda fenomen bo‘lgan Botir Zokirov nomini berganimiz ham bejiz emas. Bu yerda uning munosib izdoshlarini tarbiyalashni, iste’dodini yuzaga chiqarishni maqsad qilganmiz, – dedi davlatimiz rahbari.
O‘quv yurti kutubxonasida sakkiz mingdan ortiq adabiyot va notalar jamlangan. Milliy estrada bo‘yicha ilmiy, amaliy va ijodiy izlanishlar olib borish uchun tadqiqot markazi ham tashkil etilgan.