Prezident Shavkat Mirziyoyev yangilangan Respublika bolalar kutubxonasini borib ko‘rdi.
Davlatimiz rahbari faoliyatining ilk kunlaridan yoshlar ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratib kelmoqda. 2017 yilda kitoblar nashr etishni rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish bo‘yicha Prezident farmoyishi qabul qilingan edi. Kitobxonlarni rag‘batlantirish yo‘lga qo‘yildi.
Bu siyosatning yana bir ifodasi sifatida yaqinda Respublika bolalar kutubxonasi yangilandi.
1907-yilda qurilgan tarixiy bino restavratsiya qilinib, zamonaviy jihozlandi. Bugun muassasa har jihatdan qulay, shinam va yorug‘. Endi u nafaqat bolalar, balki kattalarning ham sevimli maskaniga aylanmoqda.
Kutubxona o‘zbek va jahon bolalar adabiyotiga oid 180 ming kitob fondiga ega. Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanilayotgani xodimlar ishini yengillashtirib, kitobxon bolalarga qo‘shimcha qulaylik yaratgan. Jumladan, tashrif buyuruvchilar maxsus ID-karta oladi. U orqali kitobxonlarni ro‘yxatga olish, kitob olish va topshirish jarayonlari elektron tarzda tashkil etiladi.
Elektron kutubxonani rivojlantirish, video va audio resurslar fondini boyitish, foydali veb-kontentlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Audio kitoblarni tinglash xonasi tashkil etilgan.
Prezident ushbu sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, kitob o‘qiyotgan va chet tillarini o‘rganayotgan bolalar bilan muloqotda bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari kutubxonani maktablar bilan samarali bog‘lab, 180 ming kitob fondidan ularni bahramand qilish, bu yerga ko‘proq yoshlarni jalb etish zarurligini ta’kidladi.
Muassasada xalqaro konferensiya, seminar va boshqa tadbirlarni ham bevosita, ham onlayn o‘tkazish imkoni yaratilgan. Hudud obodonlashtirilib, yangi qiyofaga kirgan. Mo‘jazgina amfiteatr tashkil etilgan.
Kutubxonaga avtotransport ajratish, yangi kitoblar sotib olish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.