Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublika bo‘ylab savdo va kommunal sohalarida iste’molchilardan kelib tushayotgan murojaatlar muntazam o‘rganilib, ularning huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinmoqda.
Jumladan,
📍 Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Fuqaro G.B. «SHIVAKI» rusumli sovutgichi bir necha bor ta’mirlanganiga qaramasdan yana nosoz holatga kelganidan norozi bo‘lib, qo‘mitaga murojaat qilgan. Qo‘mita tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, sovutgich uchun to‘langan 6 mln so‘mga yaqin mablag‘ to‘liq qaytarilishi ta’minlandi.
📍 Andijon viloyati
Fuqaro Q.P. xonadonida iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun 3 mln so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlik hisoblangani va sud qaroriga qaramasdan bekor qilinmaganidan norozi bo‘lib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan. Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, 3 mln so‘mdan ortiq asossiz qarzdorlik bekor qilinib, murojaat ijobiy hal etildi.
📍 Buxoro viloyati
Fuqaro M.R. “Goodwell servise” MChJdan xarid qilgan “Chery Arrizo 6 Pro” rusumli avtomobilidagi nuqsonlar bartaraf etilmayotganidan norozi bo‘lib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan. Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, avtomobilning zarur ehtiyot qismlari yangisiga almashtirib berilishi ta’minlandi.
📍 Farg‘ona viloyati
Toshkent viloyati Olmaliq shahrida yashovchi fuqaro S.B. “Munis” savdo do‘konidan muddatli to‘lov asosida xarid qilgan skuter akkumulyatori qisqa muddatda ishdan chiqqanidan norozi bo‘lib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan. Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, skuterga yangi akkumulyator o‘rnatib berilishi ta’minlandi.
📍 Qashqadaryo viloyati
Fuqaro R.M. “Saturn” do‘konidan muddatli to‘lov asosida xarid qilgan konditsioneri nosozligi sababli shartnomani bekor qilish va mablag‘ini qaytarishni so‘rab, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan. Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, 4 mln so‘mga yaqin mablag‘ to‘liq qaytarildi.
📍 Namangan viloyati
Fuqaro X.Z. “LuckyCar” MChJ avtosalonidan xarid qilgan Onix rusumli avtomobilning motor qismi nosozligi yuzasidan, iste’molchi sifatida huquqlarini himoya qilishda amaliy yordam so‘rab, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan. Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, 40 mln so‘mga yaqin yangi motor qismlari almashtirib berilishi ta’minlandi.
📍 Navoiy viloyati
Fuqaro I.S. “Ishonch” savdo do‘koni bilan bog‘liq holat yuzasidan 1 044 000 so‘m mablag‘ ortiqcha yechib olinganidan norozi bo‘lib, Hududiy boshqarmaga murojaat qilgan. Shuningdek, fuqaro I.Sh. “Preum in trade” MChJdan xarid qilgan “Artel” rusumli konditsioneri kafolat muddatida nosoz bo‘lib, servis markaziga ta’mirlash uchun olib ketilgani, biroq belgilangan muddatda qaytarib berilmaganidan norozi bo‘lib, Hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, I.S.ning plastik kartasiga ortiqcha yechib olingan 1 044 000 so‘m mablag‘ to‘liq qaytarib berilishi, I.Sh.ga esa nosoz konditsioner kafolat shartlari asosida ta’mirlab berilishi ta’minlandi.
📍 Toshkent viloyati
Hududiy boshqarmaga fuqaro “UZUM MARKET” ilovasi orqali xarid qilgan akkumulyatori yetkazib berilmagani va kartasidan 1 mln 870 ming so‘m mablag‘ yechilganidan norozi bo‘lib murojaat qildi.
Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi Call-markaziga fuqaro avtosalondan xarid qilingan “LI L7” Ultra rusumli avtomobilda nuqsonlar aniqlangani yuzasidan murojaat yo‘lladi.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida 1 mln 870 ming so‘m mablag‘ to‘liq qaytarilishi, shuningdek, “CONTROL AUTO” MChJ tomonidan qiymati 686 mln 517 ming so‘m bo‘lgan avtomobilning aniqlangan nuqsonlari to‘liq bartaraf etilishi ta’minlandi.
📍 Xorazm viloyati
Fuqaro X.B. kafolat muddatida nosozlik aniqlangan Samsung A07 rusumli telefonini yangisiga almashtirib berishni so‘rab, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan. Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, telefon yangisiga almashtirib berilishi ta’minlandi.








