#xalqaro_trening
Ayni damda Raqobat qo‘mitasi tomonidan German Sparkassenstiftung tashkiloti ko‘magida, Savdo-sanoat palatasi hamda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Biznes rivojining asosiy omili – mijozga sodiqlik va iste’molchilar huquqlari ustuvorligi” mavzusidagi xalqaro trening o‘z ishini boshladi.
Mazkur treningda mahalliy va xorijiy ekspertlar bilan bir qatorda savdo, tibbiyot va farmatsevtika, umumiy ovqatlanish, uy-joy qurilishi hamda raqamli xizmatlar kabi turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 100 ga yaqin tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbirni Qo‘mita raisi o‘rinbosari U. Davlatov kirish so‘zi bilan ochib berib, o‘z nutqida Qo‘mita tadbirkorlar bilan ochiq muloqotni “Biz sizni eshitamiz” platformasi, joylardagi uchrashuvlar va ochiq muloqotlar orqali izchil davom ettirib kelayotganini ta’kidladi. Shuningdek, bugungi treningning asosiy yo‘nalishi tadbirkorlik faoliyatida mijozga yo‘naltirilgan yondashuv, iste’molchilar huquqlari va halol raqobat tamoyillarini mustahkamlashdan iborat ekanini qayd etdi.
Treningning asosiy maqsadi — tadbirkorlarning iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi huquqiy bilimini oshirish, iste’molchilar bilan qonuniy, ochiq va samarali munosabatlarni shakllantirish hamda mijozlar ishonchi va sodiqligini kompaniyaning uzoq muddatli va barqaror rivojlanishining muhim omili sifatida mustahkamlash.








