18-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-York shahridagi o‘ziga ajratilgan qarorgohda Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyevani qabul qildi.
Global iqtisodiy vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi. XVF bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni, shu jumladan joriy yil iyun oyida Samarqand shahrida o‘tgan ikki tomonlama uchrashuvda erishilgan kelishuvlardan kelib chiqqan holda yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Fond rahbari O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar dasturi natijalariga yuqori baho berdi hamda mamlakatimizdagi samarali yangilanishlarni ilgari surishda yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv chog‘ida XVFning yurtimiz moliya sohasi barqarorligini kompleks tahlil qilish, iqtisodiy siyosatni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishda konsalting ko‘magini ko‘rsatish hamda mamlakatimiz idoralari mutaxassislarining salohiyatini oshirish dasturini amalga oshirishdagi ishtirokiga doir masalalar muhokama qilindi.