O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-may kuni uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan O‘mon Sultonligi savdo, sanoat va investitsiyalarga ko‘maklashish vaziri Qays bin Muhammad al-Yusufni qabul qildi.
Uchrashuv boshida Qays al-Yusuf davlatimiz rahbariga O‘mon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Saidning samimiy salomini yetkazdi.
O‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy yo‘nalishlarda kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Energetika, transport, sog‘liqni saqlash, turizm, geologiya, oziq-ovqat, to‘qimachilik, kimyo sohalarida, shu jumladan O‘zbekiston-O‘mon investitsiya kompaniyasi ko‘magida loyihalarni amalga oshirish uchun katta salohiyat borligi qayd etildi.
Yaqin fursatda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va qo‘shma biznes forumini o‘tkazishga kelishib olindi.
Transafg‘on temir yo‘lini qurish hamda “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon” transport yo‘lagini ilgari surish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.