Davlatimiz rahbari tomonidan 2026-yil 25-iyun kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Sirdaryo viloyatining tuman va shaharlarida mavjud zaxira va imkoniyatlarni aniqlash hamda yalpi hududiy mahsulot hajmini oshirishga qaratilgan kompleks o‘rganishlar olib borilmoqda.
Xususan, Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi tashabbusi bilan mamlakatimizdagi 20 dan ortiq yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalarining olimlari va tegishli idoralar ekspertlari ishtirokida viloyatning tuman va shaharlarida joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari tashkil etildi.
O‘rganishlarda, Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi, Toshkent arxitektura va qurilish universiteti, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti, Kosmik monitoring va geoaxborot texnologiyalar markazi, Toshkent davlat transport universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, Toshkent farmatsevtika instituti, Guliston davlat universiteti, Guliston davlat pedagogika instituti hamda boshqa sohaviy tashkilotlar rahbarlari va ilmiy tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Ishchi guruhlar tomonidan har bir hududning ijtimoiy-iqtisodiy holati, mavjud muammolari, ishga solinmagan salohiyati va o‘sish nuqtalari tahlil qilinib, ustuvor tadqiqot yo‘nalishlari hamda amaliy choralar belgilab olindi.
O‘rganishlar natijasida yangi investitsiya loyihalarini shakllantirish, mavjud korxonalar quvvatlaridan to‘liq foydalanish, yangi ish o‘rinlari yaratish va hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.








