Raqobat qo‘mitasi xalqaro qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyaga nisbatan “insofsiz raqobat alomatlari bilan” qo‘zg‘atilgan ishni Yevropa Komissiyasi bilan hamkorlikda o‘rganmoqda
Raqobat qo‘mitasi tomonidan Yevropaning taniqli qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyasiga nisbatan insofsiz raqobat alomatlari yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ayni paytda ko‘rib chiqilmoqda.
O‘rganishlar davomida ishlab chiqaruvchi kompaniya o‘z mahsulotlarini sotib olish yoki qayta sotish uchun uning rasmiy roziligini olish talabini belgilamagan bo‘lsa-da, aynan ushbu mahsulotlarni importyorlar tomonidan O‘zbekiston hududiga olib kirilishiga intellektual mulk huquqlari buzilayotganini vaj qilib, bojxona organlariga murojaat qilgan va natijada tovarlarning olib kirilishi to‘xtatilgan. Ushbu taqiqdan kompaniyaning Qozog‘istondagi filiali bilan mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan importyor mustasno qolgan.
Kompaniya tomonidan, boshqa importyorlar kompaniyaning o‘zi yoki uning Qozog‘istondagi filiali bilan mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan taqdirda muammo ijobiy hal bo‘lishi aytilgan.
Shuningdek, bojxona ma’lumotlariga ko‘ra, importyorlar tomonidan import qilingan mahsulotlar narxi rasmiy yetkazib beruvchi olib kirgan mahsulotlarga nisbatan taxminan besh baravar arzon ekani aniqlangan.
Mazkur holatlarga huquqiy baho berish va xalqaro amaliyotni o‘rganish maqsadida Raqobat qo‘mitasi Yevropa Komissiyasining Raqobat masalalari bo‘yicha Bosh direktoratiga rasmiy murojaat yo‘lladi.
Ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi.








