Raqobat qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar natijasida jismoniy va yuridik shaxslardan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, asossiz qarzdorliklar hamda tovar va xizmatlar sifatidan norozilik bilan bog‘liq kelib tushayotgan murojaatlar o‘zining ijobiy yechimini topmoqda.
Murojaatlar hududlar kesimida:
📍Buxoro viloyati
Hududiy boshqarmaga viloyat OITSga qarshi kurashish markazi tomonidan kelib tushgan murojaatda “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunasi nosoz holatga kelgani vaj qilinib, tabiiy gaz sarfi uchun qo‘shimcha to‘lov hisoblanayotganidan norozilik bildirilgan.
Murojaatda keltirilgan holatlar “O‘zenergoinspeksiya”ning Buxoro viloyati hududiy boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida o‘rganib chiqildi. Natijada gaz ta’minoti filiali tomonidan qo‘yilgan 153,3 million so‘mlik to‘lov asossiz ekanligi aniqlanib, qayta hisob-kitob qilib berilishi ta’minlandi.
📍Surxondaryo viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Termiz shahrida aholiga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining sifati yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “Surxondaryo suv ta’minoti” AJ tomonidan “Turon” mahallasidagi 18-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga hamda 950 dan ortiq oilaga iste’molga yaroqsiz ichimlik suvi yetkazib berilganligi aniqlandi.
Xususan, 2026-yilning 6–20 yanvar kunlari davomida jami 4 850 m³, qiymati 31,2 million so‘mlik sifat talablariga javob bermaydigan ichimlik suvi iste’molchilarga yetkazib berilgan.
Mazkur holat yuzasidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 12-moddasi talablari buzilganligi bo‘yicha “Surxondaryo suv ta’minoti” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atildi. Qonunbuzilish holatiga yo‘l qo‘ygan mas’ul mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, huquqbuzarlik to‘g‘risidagi hujjatlar sudga yuborildi.
📍 Xorazm viloyati
Hududiy boshqarmaning ishonch telefoni orqali Urganch tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro X.M.dan kelib tushgan murojaatda “Mega avto cars” MCHJ bilan tuzilgan shartnoma asosida Gac Aion 160 rusumli avtomobil xarid qilish uchun 156 million 750 ming so‘m mablag‘ to‘langani, biroq belgilangan muddatda avtomobil yetkazib berilmagani ma’lum qilingan.
O‘rganish jarayonida shartnoma muddati haqiqatan ham tugaganligi tasdiqlandi. Tadbirkorlik subyektiga tegishli tushuntirishlar berilgach, fuqaroning xohishiga ko‘ra to‘langan 156 million 750 ming so‘m mablag‘ to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.








