Savdo shoxobchalarida sotilayotgan qandolat mahsulotlarining ba’zilarida ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati va saqlash tartiblari haqida ma’lumot berilmaydi. Iste’molchi esa tanlashda shoshib e’tibor qilmasdan tashqi ko‘rinishiga qarab xarid qilaveradi. Yoki do‘kon sotuvchisining “yaqinda keltirildi, mazasiga gap yo‘q, olavering” degan gapiga ishonadi.
Iste’molchi Toshkendagi “Shodimurotova M.O.” YaTTdan xarid qilgan “Yulduzli” to‘plamidagi mahsuloti bilan shunday bo‘ldi. “East Star Sweet” MChJga tegishli bo‘lgan “Medovaya” pishirig‘ining tarkibi buzilganidan, ya’ni mutlaqo ta’mi nordon, shu bilan bir qatorda noxush hidda ekanligidan hatto uni tatib ko‘rishning ham iloji bo‘lmadi. Odatda tarkibida asal bor pishiriqda kremi bo‘lgani uchun uni saqlash me’yoriga amal qilinmasa tezda aynib qolishi tabiiy. Shunda iste’molchi do‘konda deyarli barcha qandolat mahsulotlari sovutgichsiz peshtaxtada saqlanib sotilayotganini esladi. Qadog‘ida ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmaganidan mahsulot eski ekan, deb o‘ylanib qoldi.
Umuman iste’molga yaroqsiz chiqqan mahsulotni ko‘tarib do‘konga chiqdi, sotuvchiga bunday mahsulotlar inson hayoti va sog‘lig‘iga ziyon yetkazishi mumkinligi haqida aytdi. Ammo uni murojaatiga sotuvchi pinagini ham buzmadi. Shundan so‘ng iste’molchi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga 1159 ishonch telefoni orqali shikoyatini qoldirdi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan murojaat o‘rganib chiqildi. Haqiqatan ham unda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi. Mazkur savdo do‘konida shu turdagi ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmagan mahsulotlar sotuvda ekanligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining:
4-moddasiga muvofiq, iste’molchi tovar (ish, xizmat) haqida to‘g‘ri va to‘liq ma’lumot olish, tovar (ish, xizmat)ni erkin tanlash huquqiga egaligi;
shuningdek, 11-moddasiga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarda, oziq-ovqat va maishiy kimyo tovarlarida ularning ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati hamda ularni saqlash shartlari ko‘rsatilgan bo‘lishi lozimligi belgilangan.
Sotuvchilarga ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan yoki yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni qabul qilish hamda realizatsiya qilish man etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 178-moddasida esa sakkizinchi qismiga muvofiq, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni, shuningdek ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shartligi qonunchilikda nazarda tutilgan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda realizatsiya qilish hamda sotish uchun qabul qilganlik javobgarlik belgilangan.
Shuningdek, 271-moddasida o‘n birinchi qismiga muvofiq, ushbu Kodeksning 178-moddasi sakkizinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etgan tadbirkorlik subyektining mansabdor shaxslari yoki xodimlari yoxud tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fuqarolar yo‘l qo‘yilgan buzilishlarni huquqbuzarlik aniqlangan paytdan e’tiboran o‘ttiz kunlik muddatda ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan va (yoki) yetkazilgan moddiy zararning o‘rnini qoplagan taqdirda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozimligi belgilab berilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan MChJ xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan kamchiliklar ixtiyoriy, belgilangan muddatda bartaraf etildi. Dastlab yaroqlilik muddati o‘tgan barcha qandolat mahsulotlari savdo rastalaridan olindi. So‘ng iste’molchiga tarkibi buzilgan mahsuloti sifatli qandolat mahsulotiga almashtirib berildi.