Navoiy viloyati Zarafshon shahrida yashovchi fuqaro J.G. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining ishonch telefoni orqali murojaat qilgan.
Mazkur murojaat Raqobat qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganilganda fuqaro 2023-yil 26-dekabrda “BILLUR AVTO SAVDO NAVOIY” MCHJga “DAMAS” rusumli avtomobil xarid qilish uchun 48 mln 466 ming so‘m to‘lov qilgani, oilaviy sharoiti tufayli pulga ehtiyoj bo‘lib qolganligi uchun ikki o‘rtada tuzilgan shartnomani bekor qilish bo‘yicha joriy yilning 9-aprel kuni avtosalonga ariza bergani, ammo murojaati ikki oyga qadar hal etilmayotgani ma’lum bo‘ldi. Ya’ni mazkur korxona tomonidan fuqaroga avtomobilga to‘langan pulni qaytarish paysalga solib kelingani aniqlandi.
Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida, iste’molchi va “BILLUR AVTO SAVDO NAVOIY” MCHJ bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinib, avtomobilga to‘langan 48 mln 466 ming so‘m pul malag‘lari fuqaroga qaytarilishi ta’minlandi.