O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
Turkman xalqining ulug‘ farzandi Maxtumquli Firog‘iy nafaqat turkiy xalqlar, ayni paytda jahon adabiyoti va madaniyati tarixida alohida o‘rin egallagan atoqli shoir va mutafakkirdir.
Hassos so‘z san’atkorining chuqur gumanizm bilan sug‘orilgan asarlari mard va matonatli, mehnatkash turkman xalqining ezgu qadriyatlari va olijanob fazilatlarini tarannum etishi, hamisha xalq bilan hamdard bo‘lishga, turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro ahillik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan mazmun-mohiyati bilan barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun ibrat namunasidir.
Bu yil nufuzli xalqaro tashkilot – YUNЕSKO rahnamoligida Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yillik qutlug‘ yubiley sanasi dunyo miqyosida keng nishonlanayotgani ham shoir adabiy merosi jahon so‘z san’atining bebaho xazinasiga aylanib, insoniyatning ma’naviy olamini yuksaltirishga xizmat qilib kelayotganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston dunyoda Maxtumquli asarlari eng ko‘p nashr qilinadigan va o‘qiladigan mamlakatlardan biri sifatida e’tirof etilishi, albatta bejiz emas. Yurtimizda mumtoz shoirning she’rlari va ular asosida yaratilgan qo‘shiqlar kirib bormagan biror-bir xonadon, uning nomini bilmaydigan biror-bir o‘zbek topilmaydi. Maxtumquli asrlar mobaynida xalqimizning o‘z shoiriga aylangan. Uning she’rlari o‘zining teran falsafiy ma’nosi, xalqona ruhi, yuksak badiiyati bilan baxshi va hofizlarimiz, shoirlarimizga ilhom bag‘ishlab, hamisha davralarda yangrab, el-yurtimiz qalbida yashab keladi.
Maxtumqulining o‘z davrida Xivadagi mashhur Sherg‘ozixon madrasasida tahsil olgani, Alisher Navoiydek buyuk so‘z san’atkorini o‘ziga ustoz deb bilgani xalqlarimiz o‘rtasidagi chinakam do‘stlikning ajoyib namunasidir. Maxtumquli Xivada juda ko‘p ustoz va maslakdoshlar, do‘st-yor va muxlislar orttirgan, bu yerda kechirgan yillarini minnatdorlik bilan eslab, go‘zal she’rlar bitganini o‘zbek kitobxonlari yaxshi biladi.
O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik hamda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari tarixida yangi davr boshlangan hozirgi paytda Maxtumquli Firog‘iyning o‘lmas badiiy merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ikki qardosh el uchun birdek ardoqli bo‘lgan shoirning barkamol asarlari mamlakatimizda muntazam ravishda, yirik adadlarda nashr etilmoqda. Toshkent va Xiva shaharlarida shoir xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan yodgorlik majmualari tabarruk ziyoratgohlarga aylangan.
O‘zbek xalqining Maxtumquli Firog‘iy siymosida qardosh Turkmaniston xalqiga, uning boy tarixi va madaniyati, urf-odat va qadriyatlariga hurmat-ehtiromining yorqin namunasi sifatida hamda shoir tavalludining 300 yilligini munosib nishonlash maqsadida:
1. Madaniyat vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Badiiy akademiya, Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda jamoatchilik vakillarining buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini mamlakatimizda keng nishonlash to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.
2. Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini nishonlash bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tashkiliy qo‘mita (A.N. Aripov) ikki hafta muddatda Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.
Chora-tadbirlar dasturida:
Maxtumquli Firog‘iyning “Tanlangan asarlar”i hamda uning hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy maqolalar to‘plamini nashrga tayyorlash va chop etish;
davlat buyurtmasi asosida O‘zbekiston va Turkmaniston kino ustalari hamkorligida Maxtumquli Firog‘iyga bag‘ishlangan badiiy film yaratish;
shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida spektakl sahnalashtirish;
yosh xonandalar o‘rtasida “Maxtumquli she’rlari bilan aytiladigan eng yaxshi qo‘shiqlar ijrochisi” respublika tanlovini o‘tkazish;
Badiiy akademiyaning markaziy ko‘rgazmalar zalida o‘zbek va turkman xalqlarining do‘stlik va qardoshlik aloqalarini tarannum etuvchi tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasini tashkil etish;
Xiva shahrida Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi, Xorazm viloyati hokimligi va boshqa tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda “Maxtumquli ijodining o‘zbek adabiyoti va san’atida tutgan o‘rni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazish;
mamlakatimizdagi oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari hamda mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish;
2024-yil oktabr oyida Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida Maxtumquli Firog‘iy xotirasiga bag‘ishlangan ijodiy kecha o‘tkazish tadbirlari ko‘zda tutilsin.
4. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga ajratilgan budjet mablag‘lari, ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilansin.
6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev