Joriy yilning 1–3-iyun kunlari Raqobat qo‘mitasi markaziy apparati va hududiy boshqarmalari xodimlari ishtirokida BRIKSning Raqobat huquqi va siyosati xalqaro markazi direktori Aleksey Ivanov boshchiligidagi delegatsiya tomonidan “Raqamli platformalarni monopoliyaga qarshi tartibga solish: xalqaro amaliyot, tendensiyalar va O‘zbekiston Respublikasi uchun tavsiyalar” mavzusida o‘quv seminari tashkil etildi.
Seminarda BRIKS markazi ekspertlari Darya Kotova va Kirill Entin ishtirok etib, raqamli bozorlarni tartibga solishning xalqaro modellari, raqamli iqtisodiyotda bozor chegaralarini aniqlash metodologiyasi, monopoliyaga qarshi qonunchilikning ekstraterritorial qo‘llanilishi hamda raqamli bozorlardagi qo‘shib olish va qo‘shib yuborish (M&A) bitimlarini baholash masalalari yuzasidan ma’ruzalar qildilar.
Tadbir davomida ishtirokchilar raqamli platformalar faoliyatini tartibga solishning zamonaviy yondashuvlari, raqamli bozorlarda samarali raqobat muhitini shakllantirish mexanizmlari hamda ushbu sohadagi ilg‘or xalqaro tajribalar bilan tanishdilar.
Shuningdek, raqamli bozorlarga oid gipotetik holatlar asosida tashkil etilgan keys-seminarlar doirasida amaliy masalalar muhokama qilinib, O‘zbekiston sharoitida qo‘llanishi mumkin bo‘lgan yondashuvlar yuzasidan fikr almashildi. Mazkur o‘quv seminari Qo‘mita xodimlarining raqamli iqtisodiyot sharoitida yuzaga kelayotgan raqobatga oid munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.








