O‘zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Mamlakat milliy manfaatlarini ta’minlashda axborot-tahliliy faoliyatni takomillashtirish: muammo va yechimlar” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya doirasida Raqobat qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazi direktori O.Jumayev “Ichki va tashqi omillarning mahalliy bozorga ta’sirini baholashda ekonometrik modellar, sun’iy intellekt va axborot-tahliliy yondashuvlarning o‘rni” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.
Konferensiya yakunlariga ko‘ra, Raqobat siyosati va iste’molchilar huquqlari tadqiqotlari markazining tahlil faoliyati yuqori baholanib “Yil tahlilchisi – 2026” doirasida e’tirof etildi hamda maxsus diplom bilan taqdirlandi.
Mazkur nufuzli e’tirof Markazning raqobat siyosati, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va iqtisodiy tahlil sohalarida amalga oshirayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari, zamonaviy tahliliy yondashuvlarni amaliyotga joriy etish borasidagi tashabbuslari hamda yuqori ekspertlik salohiyatining munosib e’tirofi hisoblanadi.
Raqobat qo‘mitasi Markaz jamoasini ushbu muhim va sharafli yutuq bilan samimiy muborakbod etadi hamda kelgusi faoliyatida yangi ilmiy izlanishlar va yana-da ulkan muvaffaqiyatlar tilaydi.








