So‘nggi paytda ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va ular muassisligidagi tashkilotlarning veb-saytlarida tovarlar (ish, xizmatlar) haqida reklama berilishi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, davlat organlariga aloqador bo‘lgan veb-saytlarda aynan bitta korxonaga tegishli bo‘lgan tovar yoki xizmatlarga oid reklamalarni joylashtirishda ustunlik berilishi boshqa boshqa raqobatchilarga nisbatan adolatsiz harakatni yuzaga keltirishi mumkinligi qayd etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining maqsadi reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, uning 32-moddasiga muvofiq, davlat organlarining va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, maktabgacha ta’lim tashkilotlarining, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarining binolariga ichki reklamani joylashtirish taqiqlanadi.
O‘z navbatida, davlat organi binosida ichki reklama vositasida turli tovar yoki xizmatlarni reklama qilinishi, ushbu tashkilotga kelgan shaxslarda reklama qilinayotgan tovarga nisbatan uning ishonchli ekanligi haqida taassurot uyg‘otishi mumkin.
Xuddi shuningdek, davlat organlariga oid veb-saytlarda tijorat reklamasini joylashtirilishi aholi o‘rtasida aynan ushbu reklamaga nisbatan boshqa tovarlarga nisbatan yuqori e’tiborni qaratishi, reklama qilinayotgan tovarlar yoki xizmatlar davlat tashkilotlari tomonidan ma’qullanganligi (tavsiya etilganligi) haqida yolg‘on tasavvurni uyg‘otishi mumkin.
Shunga ko‘ra, ichki reklamalarga nisbatan qo‘yilgan talablardan hamda reklamada tovar davlat organlari yoki ularning mansabdor shaxslari tomonidan ma’qullanganligini ko‘rsatish taqiqlanganligidan kelib chiqib, davlat organlariga oid veb-saytlarda tijorat reklamasini joylashtirilishi maqsadga muvofiq emas, axborot tizimi imkoniyatlari va davlat xizmatlariga oid ma’lumotlar, shu jumladan ijtimoiy reklamalar bundan mustasno.
Raqobat qo‘mitasi reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga chaqirib, Qo‘mita tomonidan o‘tkazilayotgan monitoringlar natijasida qonunchilik talablari buzilganligi aniqlangan hollarda belgilangan tartibda tegishli ta’sir choralari ko‘rilishi yuzasidan ogohlantiradi.








