Hududlar kesimida misollar
Farg‘ona viloyati
Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi Q.Sh. ismli fuqaro shahar markazida joylashgan “CompMir” MChJ do‘konidan noutbuk xarid qilgan. Biroz vaqt o‘tgach, qurilma mutaxassis tomonidan tekshirilganda, noutbukning ayrim ehtiyot qismlari avval ishlatilgan, ya’ni eski ekanligi aniqlangan.
Fuqaro tovarni qaytarish va to‘langan mablag‘ni olish maqsadida sotuvchiga murojaat qilgan. Biroq sotuvchi tomonidan pul mablag‘lari qaytarib berilmagan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida iste’molchining talabi asosli ekani aniqlandi. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, sifatsiz yoki e’lon qilingan talablarga javob bermaydigan tovar sotilgan taqdirda iste’molchi to‘langan mablag‘ni qaytarib olish huquqiga ega.
Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida fuqaroga noutbuk uchun to‘lagan 1 million 500 ming so‘m mablag‘ to‘liq qaytarib berildi.
Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida istiqomat qiluvchi M.A. ismli fuqaro Andijon shahrida joylashgan “Jahon Motors” do‘konidan 5 200 AQSH dollariga elektron yuk tashuvchi mashina xarid qilgan.
Sotuvchi tomonidan mazkur texnika batareyasi 8 soatgacha ishlashi kafolatlangan bo‘lsa-da, amalda uning quvvati bir soat ichida tugab qolgani ma’lum bo‘lgan.
Fuqaro tovarni qaytarish yuzasidan sotuvchiga murojaat qilgan. Biroq sotuvchi yangi batareya o‘rnatib berishni va’da qilganiga qaramasdan, masalani bir oy davomida hal etmagan.
Holat yuzasidan Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida iste’molchining texnikasiga 2 000 AQSH dollari qiymatidagi yangi batareya quvvatlagichlari o‘rnatib berilishi ta’minlandi.
Qashqadaryo viloyati
Fuqaro J.O. “Trust Insurance” sug‘urta kompaniyasidan norozi bo‘lib hududiy boshqarmaga murojaat qilgan. Uning bildirishicha, “Aloqa bank” ATB orqali olingan kredit bo‘yicha sug‘urta shartnomasi tuzilgan. Kredit muddatidan oldin to‘langani sababli sug‘urta kompaniyasi tomonidan 3 million 600 ming so‘m mablag‘ qaytarilishi lozim bo‘lgan.
Biroq bir necha bor murojaat qilinganiga qaramasdan, ushbu mablag‘ iste’molchiga qaytarib berilmagan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganish ishlari natijasida fuqaroga 3 million 600 ming so‘m mablag‘ undirib berilishi ta’minlandi.
Toshkent shahri
Mirzo Ulug‘bek va Uchtepa tumanlarida yashovchi fuqarolar M.Beridze hamda D.Sulaymanov tomonidan ishonch telefoni orqali murojaat yo‘llanib, savdo do‘konlaridan xarid qilingan mahsulotlarning yaroqlilik muddati o‘tib ketgani ma’lum qilingan.
Toshkent shahar Raqobat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida mazkur holatlar tasdiqlandi va “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilgani aniqlandi.
Natijada “New Retail” MChJ hamda YTT “Duysenov Ildar Saparbayevich”ga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, mas’ul mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi va sudga yuborildi.








