MADANIY MEROS OBYEKTLARIGA TASHQI REKLAMA O‘RNATISH TAQIQLANADI
Mamlakatimizda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish, asrash va targ‘ib qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Sohada qonunchilikni mustahkamlash, obidalarni raqamlashtirish va ularni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Shu munosabat bilan, madaniy meros obyektlariga taalluqli reklama sohasida ham qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan nazorat kuchaytirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 26-moddasiga muvofiq, tashqi reklamani moddiy madaniy meros obyektlariga o‘rnatish taqiqlanadi.
Madaniy meros obyektlari, ularning hududi va muhofaza zonalarida tashqi reklama vositalarini o‘zboshimchalik bilan joylashtirish yoki obyektning tarixiy-me’moriy qiyofasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi reklama konstruksiyalarini o‘rnatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qo‘mita tomonidan madaniy meros obyektlariga tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) o‘rnatish holatlari o‘rganilmoqda.
Agar mazkur qonunbuzilishlarga guvoh bo‘lsangiz, tegishli ma’lumotlar va fotosuratlarni info@raqobat.gov.uz va consumer@antimon.gov.uz elektron manzillarga yuborishingizni so‘raymiz.








