Raqobat qo‘mitasiga jismoniy va yuridik shaxslardan uy-joy qurilishi, moliyaviy hamda ta’lim sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar yuzasidan tushayotgan murojaatlar o‘zining ijobiy yechimini topmoqda.
Murojaatlar hududlar kesimida:
Farg‘ona viloyati
Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro hududiy boshqarmaga murojaat qilib, qurilish korxonasi bilan tuzilgan shartnoma bo‘yicha o‘z huquqlari buzilganini ma’lum qildi.
Murojaatga ko‘ra, fuqaro qurilish korxonasi bilan umumiy maydoni 110 kvadrat metr bo‘lgan uy-joyni sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzib, belgilangan to‘lovni amalga oshirgan. Keyinchalik kadastr hujjatlari rasmiylashtirilganda yashash maydoni 108 kvadrat metr ekanligi ma’lum bo‘lgan. Mazkur holat bo‘yicha o‘rganishlar olib borilganda uy-joy maydonida 2 kvadrat metr tafovut mavjudligi tasdiqlandi.
Ko‘rilgan choralar natijasida fuqaroning huquqlari tiklanib, ortiqcha hisoblangan maydon uchun to‘langan 10 mln so‘mga yaqin mablag‘ iste’molchiga qaytarilishi ta’minlandi.
Toshkent viloyati
Hududiy boshqarma fuqaroning “Paynet” ilovasidan pul o‘tkazishi davomida qabul qiluvchining plastik kartasiga pul yetib bormagani va uni qaytarib olish uchun qilingan murojaatlari natija bermaganligidan norozi bo‘lib qoldirgan murojaatini o‘rganib chiqdi.
O‘rganishlar natijasida “Paynet” AJ tomonidan murojaatchining 5 mln so‘m pul mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi.
Sirdaryo viloyati
Hududiy boshqarmaga Shirin shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro qilgan murojaatida “Marstiff sat academy” MCHJdan masofaviy o‘quv kursi xarid qilib, 2 oy tahsil olgani, ammo bu ta’limdan qoniqmagani tufayli shartnomani bekor qilib berilishi va o‘quv kursi uchun to‘langan mablag‘larini qaytarib olib berilishi yuzasidan amaliy yordam so‘ragan.
Xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorga “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi va natijada fuqaro bilan tuzilgan shartnoma bekor qilinib, o‘quv kursi uchun to‘langan 1 mln so‘mdan ortiq mablag‘ qaytarib berilishi ta’minlandi.








