Raqobat qo‘mitasida Mustaqillikning 35-yilligi munosabati bilan tizimda fidoyilik ko‘rsatayotgan xodimlarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi
Yurtimizda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligi «Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!» shiori ostida keng va ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda. Ushbu qutlug‘ ayyom munosabati bilan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida ham bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda bayram arafasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2026-yil 25-iyundagi Farmoniga ko‘ra ta’sis etilgan «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi» esdalik nishoni bilan Qo‘mita va uning tizim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan 15 nafar xodim taqdirlandi. Esdalik nishonlarini o‘z egalariga qo‘mita raisi Halilillo Turaxujayev Prezident nomidan tantanali topshirdi va barchani bayram bilan muborakbod etdi.
Qo‘mita raisi taqdirlanganlarga murojaat qilib: “Davlat rahbari tomonidan bildirilgan ishonch va yuksak e’tirof sizlarni yanada mas’uliyatli, fidoyilik va sadoqat bilan xizmat qilishga, xalqimiz va Prezidentimiz ishonchini oqlashga doimo ruhlantirib turishiga ishonaman,” deb ta’kidladi.
Tadbirda shuningdek, sohadagi fidoyiligi va jonkuyarligi, raqobatni rivojlantirish hamda iste’molchilar huquqlarini ta’minlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun Qo‘mita, uning tizim tashkilotlari va hududiy organlarida mehnat qilayotgan 60 dan ziyod xodim Qo‘mitaning Faxriy yorlig‘i va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.








