Qiymati 23 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan davlat xaridlarida shaffoflik va adolatli raqobatni ta’minlash maqsadida xarid jarayonlari doimiy o‘rganilib, tahlillar natijasida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bartaraf etib borilmoqda.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida,
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan o‘tkazilgan jami qiymati 9,1 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 6 ta; Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan o‘tkazilgan jami qiymati 8 mlrd so‘mga yaqin bo‘lgan 6 ta;
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan jami 6,7 mlrd so‘mga yaqin bo‘lgan 10 ta tanlov savdolarida “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi talablariga rioya qilinmaganligi, ya’ni savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar aniqlangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilishi alomatlari bilan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida takrorlamaslik yuzasidan bajarilishi majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, buyurtmachi tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari belgilanib, tegishli sud organlariga ma’lumotlar yuborildi.
Davlat xaridlari sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash hamda raqobat uchun teng imkoniyatlarni yaratish Raqobat qo‘mitasining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Aniqlangan qonunbuzilishlarning oldi olinishi, davlat mablag‘larining samarali va shaffof sarflanishini ta’minlaydi.







