Ko‘p kvartirali uy-joy qurilishi borasidagi murojaatlar o‘rganib chiqilib, 24,4 mlrd so‘m iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi
Raqobat qo‘mitasiga ko‘p kvartirali uy-joylarni qurilishi bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha 2025-yil va 2026-yil yanvar-fevral oylarida jami 2 057 ta murojaat kelib tushgan.
Xususan, o‘tgan 2025-yil davomida 1 700 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, o‘rganishlarda ularda quyidagi muammolar aniqlandi:
➡️708 tasida (33,8 foiz) quruvchi korxonalar tomonidan ko‘p qavatli uyda qurilish ishlari sifatsiz o‘tkazilgan;
➡️693 tasida (33,1 foiz) uy joylar shartnomada belgilangan muddatida topshirilmagan;
➡️278 tasida (13,5 foiz) ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olingan;
➡️27 tasida (1,3 foiz) qurilish bilan bog‘liq boshqa masalalarga taalluqlidir.
📃 Joriy yilning yanvar-fevral oylarida ko‘p kvartirali xonadonlarni xarid qilish borasida 350 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, ularda ham fuqarolar yuqoridagidek holatlarga duch kelganliklari bildirilgan.
📁 Misol uchun: fuqaro Surxondaryo viloyatida yashovchi Sh.F. Toshkent shahrida qurilayotgan ko‘p qavatli uydan xonadon xarid qilish maqsadida shartnoma tuzgan va unga ko‘ra jami 1,4 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ to‘lagan. Ammo “S. R.” MChJ (Quruvchi) xonadonni belgilangan muddatda topshirmagan, bundan tashqari, qurilish sifatsiz bajarilgan. Iste’molchining Raqobat qo‘mitasiga qilgan murojaati atroflicha o‘rganib chiqilib, natijada fuqaroga xonadon uchun to‘langan mablag‘lari to‘liq qaytarib berilishi ta’minlandi.
Qo‘mita tomonidan 2025-yil va 2026-yilning yanvar-fevral oylarida jami murojaatlarning 1 529 tasi yoki 74,3 foizi ijobiy hal etilishi natijasida qariyb 24,4 mlrd so‘m iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.
🖥 O‘z navbatida, Raqobat qo‘mitasi tomonidan bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.
‼️ Yodda tuting!
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunida iste’molchilar huquq va manfaatlari davlat tomonidan kafolatlangan. Iste’molchi sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda qonunchilikda nazarda tutilgan o‘z talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa ega.








