SOHA FAXRIYLARI HOLIDAN XABAR OLINDI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda ushbu qutlug‘ ayyomni “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazish maqsadida Raqobat qo‘mitasi tomonidan xayrli tadbir amalga oshirildi.
Mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash va keksalarga hurmat ko‘rsatish azaliy qadriyatlarimizdan hisoblanadi. Shu ma’noda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Raqobat qo‘mitasi hamda Qo‘mitaning barcha hududiy boshqarmalari tomonidan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan nuroniylar holidan xabar olindi. Shuningdek, muborak ayyom munosabati bilan ularga Qo‘mita rahbariyatining bayram tabrigi hamda Ramazon tuhfalari topshirildi.
Faxriy ustozlarimiz o‘zlariga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, ehtirom va g‘amxo‘rlik uchun samimiy minnatdorchilik bildirib, mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosatni yuksak baholadilar. Shu bilan birga, yurtimizda tinchlik va barqarorlik, xalqimiz farovonligi hamda Qo‘mita faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tilab, ezgu tilaklarini izhor etdilar.
Qadriyatlarimizni e’zozlashga qaratilgan bu kabi mehr-oqibat tadbirlari muborak ramazon oyi davomida izchil davom ettiriladi.








